Suv osti kemasi

Suv osti kemasi — asosan suv ostida suzishga moslashtirilgan kema. Strategik, operativtaktik hamda boshqa jangovar vazifalarni suv ostida hamda suv ustida bajarishda foydalaniladi. Bu kemalarning tomchisimon yoki sigarasimon shakldagi korpusi poʻlat yoki titandan yasaladi. Suv osti kemasi suv ostida atom qurilmalari, elektr toki akkumulyatorlari; suv ustida atom energiyasi yoki dizel qurilmasi, suv ostiga uncha chuqur tushmagan holatda esa dizel qurilmalari yordamida harakatlanadi.
Suv osti kemasi bajaradigan vazifasiga qarab, ballistik raketalar va oʻz-oʻzidan moʻljal oladigan qanotli raketalar, torpedalar, raketatorpedalar, minalar bilan qurollantiriladi; gidroakustik, radiolokatsion apparatura bilan jihozlanadi. Asosiy quroliga qarab, strategik yoki operativtaktik vazifani bajaradi. Asosiy quroli — yadro zaryadlari yordamida uzoqqa otiladigan ballistik raketalar. Bunday suv osti kemasida, odatda, kema okeanda uzoq vaqt turishiga imkon beradigan elektr kurilmalar boʻladi. Operativtaktik vazifalar bajaradigan suv osti kemasi, raketa va torpeda otuvchi, mina qoʻyuvchi, radiolokatsion dozorlik hamda transportdesantlik vazifalarini bajaruvchi kemalarga boʻlinadi. Dushmanning suv osti kemalari bilan kurashishga moʻljallangan Suv osti kemasi oʻz-oʻzidan moʻljal oladigan raketatorpedalar bilan qurollantiriladi. Mina qoʻyuvchi Suv osti kemasi turli maqsadlarga moʻljallangan minalar va mudofaalanish torpedalari bilan qurollanadi.
Suv osti kemasini qurish XVII asrdan boshlandi. Birinchi Suv osti kemasini Londonda golland olimi K. van Drebbel (1620), Rossiyada havaskor ixtirochi Yefim Nikonov (1724), Shimoliy Amerikada D. Bushnell (1776), Fransiyada R. Fulton (1801), Germaniyada V. Bauer (1850) kurdi. Bu Suv osti kemasik.larida mis yoki temirdan yasalgan korpus, suv toʻldirish uchun sisterna, eshkak yoki qoʻlda aylantiriladigan eshkakli parraklar boʻlgan; ular dushman kemasining korpusiga maxsus moslamalar yordamida mahkamlab qoʻyiladigan minalar bilan qurollangan (minalar dushman kemasi korpusiga xoda yoki garpun bilan yetkazilgan).
XX asr boshlariga kelib harbiy dengiz floti boʻlgan davlatlarning deyarli hammasi jangovar Suv osti kemasi koʻra boshladi. XX asr 50-yillaridan boshlab dastlab AQSH va SSSR, keyin esa Buyuk Britaniya va Fransiya davlatlari atom qurilmalari boʻlgan Suv osti kemasini qura boshladi. Bu hol Suv osti kemasining suv ostida uzoq vaqt boʻla olishiga va yurish tezligini keskin oshirishga imkon berdi. 60yillarda SSSR va AQSH da atom bombasi bilan qurollangan Suv osti kemasi paydo boʻldi.
| Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
| Ushbu maqola chaladir. Siz uni boyitib, Vikipediyaga yordam berishingiz mumkin. Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |